Линклар

Шошилинч хабар
20 май 2024, Тошкент вақти: 16:23

O‘zbekiston TIV Qozog‘istonga yo‘l olgan migrantlarni ogohlantirdi


O‘zbek-qozoq chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlaridan biri
O‘zbek-qozoq chegarasidagi nazorat-o‘tkazish maskanlaridan biri

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istonga kirish qoidalariga o‘zgartishlar kiritilgani munosabati bilan bu mamlakatga borishni rejalayotgan o‘zbekistonliklarga murojaat qildi.

Unda vazirlik Qozog‘istonga kirish va chiqishda O‘zbekiston fuqarolariga barcha zarur hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurishni tavsiya qilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston-Qozog‘iston yoki Rossiya-Qozog‘iston chegarasini kesib o‘tishda nafaqat Qozog‘istonga, balki Rossiya Federatsiyasiga ham kirishda hech qanday to‘siqlar yo‘qligiga oldindan ishonch hosil qilish lozim, chunki Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ma’muriy va jinoiy ishlar bo‘yicha qarorlarni o‘zaro tan olish va ijro etish to‘g‘risidagi kelishuvlarga muvofiq Qozog‘istonning vakolatli organlari Rossiya Federatsiyasining migratsiya va boshqa qonun hujjatlarining buzilishi yoki to‘lanmagan jarimalar mavjudligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazadilar”, deyilgan TIV murojaatida.

Agar Rossiya Federatsiyasida bo‘lish davrida qayd etilgan qoidabuzarlik yoki to‘lanmagan jarima aniqlansa, vazirlik qaydicha, Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston fuqarosining Qozog‘istonga kirishi yoki chiqishini taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

TIV muhojirlar uchun muammo yuzaga kelmasligi uchun ularga Rossiya Ichki ishlar vazirligi Migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasining rasmiy veb-sayti “Xizmatlar” bo‘limida maxsus onlayn shaklni to‘ldirish orqali Rossiyaga kirish uchun taqiq mavjud yoki mavjud emasligini tekshirishni tavsiya qilgan.

Avvalroq Qozog‘iston politsiyasi Ulitau viloyatida ishlagan 16 nafar migrant deportatsiya qilingani haqida ma’lumot tarqatgan edi. To‘qqiz nafari tojikistonlik, yetti nafari o‘zbekistonlik bo‘lgan bu muhojirlar, qozoq politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Satpayev shahrida tegishli ruxsatnoma va hujjatlarsiz ishlagani aniqlangan. Buning ortidan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi 7-may kuni Qozog‘istonga yo‘l olgan fuqarolarni yonida ruxsatnomalar bo‘lishi zarurligi haqida ogohlantirgan. Vazirlik buni Qozog‘iston xalqaro aeroportlarida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari joriy etilgani bilan izohlagan edi.

Aprel oyida esa Tojikiston TIV mamlakat fuqarolariga Rossiyaga safar qilishdan tiyilishni tavsiya qilgan edi. Garchi vazirlik bayonotida bu haqda ochiq aytilmagan bo‘lsa ham, huquqbonlar mazkur tavsiyaga tojikistonlik fuqarolarning siquvga olinayotgani sabab bo‘lgan, deya taxmin qilmoqdalar.

Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir etilgan teraktlar ortidan Rossiyada migrantlar ksenofobiyaning yangi to‘lqini bilan to‘qnash kelishgan. Mazkur ish bo‘yicha hibsga olinganlarning ko‘pchiligini Tojikiston fuqarolari tashkil etadi.

XS
SM
MD
LG